Bugungi kunda kitobxonlikni keng targʻib etish, yoshlarni badiiy asarlarni mushohada etishga chorlash hamda bu orqali asriy anʼanalarimizni saqlagan holda, maʼnaviyatimiz va madaniyatimizga hissa qoʻshish har bir avlodning burchidir.
Ayni kunlarda respublikamizda “Kitobxonlik haftaligi” davom etmoqda. Haftalik doirasida Boshlangʻich taʼlim fakulteti talabalari N. Oʻrinova rahbarligida kichik, ammo munosib loyihaga qoʻl urishdi.
“Mutolaa zavqi” loyihasi asosida “Buyuk allomalar muzeyi”ga toʻplangan talabalar Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanini birgalikda oʻqib, badiiy tahlil qildilar.
Maʼnaviyatimizning yuksalishi, ong va saviya darajamizning koʻtarilishi hamda ruhiy olamimizning kamolga yetishi ayni kitob mutolaasi jarayoni bilan bogʻliqdir, – deydi talaba Dilnoza Isomiddinova. – Kitob toʻgʻri yoʻlga boshlovchi, hamisha bilimlarimizni boyituvchi xazina, sodiq doʻst, hamrohdir.