Xabaringiz bor, Qoʻqon davlat pedagogika instituti Rossiyaning eng ilgʻor universitetlaridan biri – Qozon Federal universiteti bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan.
Hozirda maʼruzalar oʻqish uchun oʻqituvchilar almashinuvi, qoʻshma ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazish, oʻqituvchilarning malakasini oshirish kabi muhim yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish ishlari jadal suratlarda davom etmoqda.
Hamkorlik samarasi oʻlaroq, ayni kunlarda Qozon Federal universiteti olimlari – Yusupova Zulfiya Firdinatovna va Rahimova Dinara Irekovnalar institutimizda boʻlib, Qoʻshma taʼlim dasturlari boʻlimi Rus tili va adabiyoti bakalavriat va magistratura mutaxassisligi talabalariga maʼruzalar oʻtmoqda.