Hayotning barcha jabhalarida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish ayni vaqtda Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.
Maktabgacha taʼlim fakultetida ayni masalaga bagʻishlab oʻtkazilgan uchrashuvda institut Xotin-qizlar masalalari boʻyicha kengash raisi Z. Boytemirova, fakulteti xotin-kizlar masalalari boʻyicha dekan maslaxatchisi G. Radjabova, N. Mirboboyeva va talaba-qizlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda soʻzga chiqqan Xotin-qizlar masalalari boʻyicha kengash raisi Z. Boytemirova mamlakatimizda 2019-yil 2-sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilinganligi, ushbu qonunlar xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, taʼlim muassasalari, boshqa joylarda tazyiqlar va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish hamda erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash, jinsi boʻyicha kamsitilishining va tengsizligining oldini olish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilganligiga alohida toʻxtilib oʻtdi.
Darhaqiqat, 2021-yilda Oʻzbekistonda 2030-yilgacha moʻljallangan Gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi. Gender strategiyasida BMTning 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda barcha sohalarda xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga hamda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targʻib qilinishini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Eng asosiysi, keyingi davrda “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi, oliy oʻquv yurti tahsilidan keyingi taʼlim tizimini takomillashtirishga qaratilgan huquqiy-tashkiliy choralar koʻrildi. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.
Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi shu kabi hal qiluvchi islohotlar, yanada aniq qilib aytganda, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish borasida erishilgan amaliy samaralar mamlakatimiz taraqqiyotini taʼminlashda, xususan, xotin-qizlarni ilm-fan sohasiga yanada keng jalb etishda ulkan omil boʻlmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan 440 ming 959 nafar talabaning 45,9 fozi xotin-qizlardan iborat. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarning bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, oliy taʼlim muassasalariga 4 foizli davlat grantlari ajratildi. Mazkur yangi tizim asosida 2020-yilda 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qiz oʻqishga qabul qilindi.
2021-yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarning 2 ming nafari uchun maxsus stipendiyalar ajratish yoʻlga qoʻyildi. Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari boʻyicha maslahat kengashlari faoliyati tashkil etildi.
Uchrashuv davomida talaba-qizlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.